Farg‘ona tinchlik va do‘stlik muloqotlari markaziga aylanmoqda
2026-06-22 14:55:00 / Yangiliklar

Mazkur anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar va mutaxassislar, Qirg‘iz Respublikasining Botken va O‘sh viloyatlari, Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati hamda Farg‘ona vodiysidan kelgan faol yoshlar ishtirok etdi.
Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov so‘z olib, mazkur tadbir mintaqa davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaha Imnadze, Shveytsariyaning YeXHTning amaldagi raisligining maxsus vakili, elchi Serj Rumin, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen hamda xalqaro ekspertlar mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb jihatlari haqida fikr bildirdilar.
Markaziy Osiyoda tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashda yoshlarning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladilar. Yosh avlod mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamjihatlik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir davomida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ham so‘zga chiqib, mazkur xalqaro seminar mintaqa yoshlari o‘rtasidagi muloqotni yanada faollashtirish hamda Markaziy Osiyoda tinchlik, bag‘rikenglik va barqaror taraqqiyot g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan muhim tashabbus ekanligiga e’tibor qaratdi.
Xalqaro seminar o‘z ishini 25-iyunga qadar davom ettiradi. Uning doirasida qator muloqotlar, muhokamalar va hamkorlik tashabbuslarini ishlab chiqishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.








