Farg‘onada tibbiyot sohasida yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda
2026-06-18 16:20:00 / Yangiliklar

Muloqotda Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona qurish hamda unga tutash hududda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Viloyatda 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxonani xalqaro standartlar asosida barpo etish, uni eng so‘nggi tibbiy jihozlar bilan ta’minlash va uzoq muddatli texnik xizmat ko‘rsatishni nazarda tutuvchi davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar faol bosqichga kirdi.
Viloyat hokimi mazkur tashabbus O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish va sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlar doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida hayotga tatbiq etilayotgan eng yirik loyihalardan biri hisoblanadi.
Muloqotda yangi tibbiyot majmuasi nafaqat Farg‘ona viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysi va qo‘shni davlatlar aholisi uchun ham yuqori texnologiyali va malakali tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shu bilan birga, mazkur loyihaning amalga oshirilishi hududda tibbiyot turizmini rivojlantirish va qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun mustahkam zamin yaratishi ta’kidlandi.
Omar Al-Midani Farg‘ona viloyatida tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun zarur infratuzilma va mustahkam baza shakllanganini alohida e’tirof etib, bu omillar loyihani samarali amalga oshirishga xizmat qilishini bildirdi.
Loyihaning umumiy qiymati qariyb 300 million dollarni tashkil etadi. Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan mazkur mega-loyiha Markaziy Osiyodagi eng yirik sog‘liqni saqlash obyektlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuv davomida kompaniya tomonidan shifoxona atrofida qo‘shimcha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tibbiyot turizmini rivojlantirish va zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini yaratish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqilgani aytildi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan barcha loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, shuningdek, yangi tashabbuslar bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlanishi yuzasidan kelishuvga erishildi.


