Farg‘ona va Germaniya o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida yangi hamkorlik bosqichi boshlanmoqda
2026-06-05 10:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Germaniya Ta’lim, oila, keksalar, ayollar va yoshlar ishlari federal vazirligi huzuridagi “iMOVE – Training Made in Germany” tarmog‘iga a’zo tashkilotlar bilan kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muloqotda Farg‘ona viloyatida zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil etish, xorijiy tillarni o‘qitish, mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Delegatsiya vakillari qurilish, avtomobilsozlik, tibbiyot, axborot texnologiyalari, logistika kabi turli yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari hamda mutaxassislar bandligini ta’minlash bo‘yicha tajribalari haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, Germaniyada talab yuqori bo‘lgan kasblar va bu boradagi mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat rahbari kasbiy ta’limni rivojlantirish, zamonaviy kasblarga o‘rgatish va aholining bandligini ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidlab, mazkur yo‘nalishdagi tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida barpo etilayotgan yirik o‘quv markazi kelgusida mazkur hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyatida inson kapitali salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash borasidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan hamkorlik masalalari kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida: “iMOVE” - Germaniya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xalqaro tashabbus bo‘lib, u Germaniyaning kasbiy ta’lim va malaka oshirish (VET) tizimini xorijda targ‘ib qiladi. Mazkur tashabbus loyihasi Kasbiy ta’lim federal instituti (BIBB) huzurida faoliyat yuritadi.




