Farg‘ona va Gomel: hududlararo hamkorlikning yangi bosqichi
2026-05-21 08:20:00 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida Farg‘ona va Gomel viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalaridagi hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Belarus hududlari, xususan, Gomel viloyati Farg‘ona uchun strategik sherik ekanligini va ikki tomonlama munosabatlar jadal sur’atlar bilan kengayayotganini alohida ta’kidladi.
Ikki hudud biznes doiralarining faol sherikligi natijasida so‘nggi yillarda tovar aylanmasi sezilarli darajada oshgani e’tirof etildi.
Gomel viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko farg‘onalik hamkorlarning XX Gomel iqtisodiy forumida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirib, kelgusidagi munosabatlar yirik korxonalar va tadbirkorlar tashabbuslariga tayanishini qayd etdi.
Uchrashuv davomida nasldor chorvachilikni rivojlantirish va mahsulotlarni qayta ishlash zanjirini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, mashinasozlik va yog‘ochni qayta ishlash sohalarida o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma korxonalar tashkil etish, ijtimoiy soha, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida yangi aloqalarni kengaytirish borasida fikrlar bildirildi.
Shuningdek, farg‘onalik tadbirkorlar tomonidan Gomelda chorvachilik va boshqa yo‘nalishlarda ham amaliy ishlar boshlab yuborilgani mamnuniyat bilan aytib o‘tildi.
Yaqin istiqboldagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.




