Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Belarusning mashhur "Rogachyov sut-konserva kombinati"da bo‘ldi
2026-05-21 08:10:00 / Yangiliklar

Delegatsiya a’zolari korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimenti, korxonada xomashyo sifatini nazorat qilish, avtomatlashtirilgan qadoqlash tizimlari va xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi standartlarining joriy etilishi bilan tanishdilar.
Korxona rahbariyati bilan muloqotda Gomel viloyatidan sut va sut mahsulotlari, xususan, quyultirilgan sut, qattiq pishloqlar va quruq sut kukuni yetkazib berish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur korxona Belarus Respublikasi sut mahsulotlarini qayta ishlash sanoatining eng yirik va boy tarixga ega yetakchi korxonalaridan biridir.
Korxona 85 yildan ortiq davr mobaynida o‘z an’analari va yuqori sifat standartlarini saqlab kelmoqda. Kombinat va uning filiallarida bugungi kunda 100 dan ortiq nomdagi yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlanadi. Ular qatoriga sut konservalari, sariyog‘, qattiq va yarim qattiq pishloqlar, yaxna sut mahsulotlari, quruq sut kukunlari va bolalar ozuqasi kiradi.
Mahsulotlar ekologik toza hududlardan keltiriladigan, maxsus akkreditatsiyadan o‘tgan «Ekstra» navli oliy sifatli sutdan tayyorlanadi. Korxona mahsulotlari ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalar va «Davlat sifat belgisi» sovrindori hisoblanadi.
Farg‘ona viloyati delegatsiyasining korxonaga tashrifi ikki tomonlama savdo aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish va viloyatimiz aholisi uchun sifatli mahsulotlar importini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi.









