Farg‘onada “Ibratli oila” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi
2026-05-15 11:45:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, farzand tarbiyasida namuna bo‘layotgan oilalarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu an’analardan biri sifatida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur e’tirof jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur ko‘krak nishoni bilan farzandlarini halol, vatanparvar, bilimli va tarbiyali insonlar etib voyaga yetkazayotgan, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan, hayotiy tajribasi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan oilalar taqdirlanadi.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha “Ibratli oila” ko‘krak nishoni uchun 4 mingdan ortiq oila nomzodi tavsiya etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb besh baravarga oshgani aholi orasida mazkur e’tirofga qiziqish va munosib bo‘lish istagi tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidagi 190 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohibiga aylandi. Shu tariqa viloyat respublika miqyosida yetakchi hududlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komila Kavlonova so‘zga chiqib, mamlakatimizda oila muqaddasligini ta’minlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Tantanali marosimda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohiblariga mukofotlar topshirilib, ularga ezgu tilaklar bildirildi.
Taqdirlangan oilalar vakillari ham so‘zga chiqib, yuksak e’tirof uchun minnatdorchilik bildirdi. Ular mahallalarda ibratli oilalar safini kengaytirish, yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash va jamiyatda ahillik muhitini mustahkamlash yo‘lida faol ishtirok etishlarini ta’kidladilar.
Ayni kunlarda shahar va tumanlarda ham “Ibratli oila” ko‘krak nishonlarini tantanali topshirish marosimlari davom etmoqda.









