Ajdodlar xotirasiga yuksak ehtirom
2026-05-09 11:00:00 / Yangiliklar

Ushbu qutlug‘ sana ajdodlar xotirasiga ehtirom, faxriylarga yuksak e’tibor va tinchlik qadrini ulug‘lash ruhida o‘tkazilyapti.
Bugun erta tongdan Farg‘ona shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i”da joylashgan “Motamsaro ona” haykali poyiga tantanali gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, urush va mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, hokim o‘rinbosarlari, kotibiyat va guruh rahbarlari viloyat hokimligi nomidan “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yib, yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, mudofaa va huquq-tartibot idoralari, xavfsizlikni ta’minlovchi tuzilmalar, viloyat boshqarma va tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari tomonidan ham haykal poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbir davomida Vatan ozodligi, xalq tinchligi va barqarorligi yo‘lida qurbon bo‘lgan insonlar xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
E’tiborlisi, “Vatanparvarlar bog‘i” nafaqat xotira va ehtirom maskani, balki yosh avlod qalbida vatanparvarlik, sadoqat va tinchlik qadrini mustahkamlaydigan ma’naviy markaz sifatida yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Ayni paytda viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan turli tadbirlar, uchrashuvlar va xotira kechalari davom etmoqda.









