Farg‘onada yoshlar o‘rtasida kitobxonlik yanada ommalashtiriladi
2026-05-07 14:50:00 / Yangiliklar
Yoshlar kuni munosabati bilan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining kutubxonasida turli sohalarda faol bo‘lgan yigit-qizlar hamda yosh kitobxonlar bilan uchrashdi. Unda viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov ham ishtirok etdi.

Viloyat hokimi mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, kitob inson uchun eng yaxshi do‘st, katta boylik ekanini ta’kidladi. Kitobxonlik orqali yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarning faoliyatini alohida e’tirof etib, ular tengdoshlariga namuna bo‘lishi, kitob mutolaasini targ‘ib qiluvchi faol targ‘ibotchilarga aylanishi zarurligini bildirdi. Ayniqsa, “tengdosh — tengdoshga namuna” tamoyili yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Muloqotda bugungi kunda ko‘plab yoshlarning telefon va ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolayotgani, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish orqali ularning mutolaaga bo‘lgan mehrini oshirish, yosh kitobxonlar safini kengaytirish zarurligi muhimligi aytildi. Shu bilan birga, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali va to‘g‘ri foydalanish kerakligi ta’kidlandi.
Tadbirda farg‘onalik yoshlarning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari mamnuniyat bilan tilga olindi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari va startap loyihalariga qiziquvchi yoshlar soni ortib borayotgani qayd qilindi.
Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur majmuada har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi.
Uchrashuv davomida farg‘onalik yoshlar va aholi o‘rtasida kuniga 20 bet kitob o‘qish, kitobxonlikni yanada ommalashtirish tashabbuslari ilgari surildi.
Samimiy muloqotda yosh kitobxonlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, auditoriya qamrovini oshirish borasidagi ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, shahar va tumanlarda kitobga qiziquvchi yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etish, qishloq yoshlarini keng qamrab olish, master-klasslar o‘tkazish yuzasidan takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, “Eng yaxshi kitobxon ota” va “Eng yaxshi kitobxon ona” tanlovlarini tashkil etish tashabbusi ma’qullandi. Madaniyat va san’at sohasi, shuningdek, startap loyihalar bo‘yicha ham alohida uchrashuvlar o‘tkazish takliflari, yangi loyiha va g‘oyalar ilgari surildi. Ishga joylashish, volontyorlik faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar tinglandi.
Viloyat hokimi yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va g‘oyalarni yuqori baholab, ularning barcha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi, mas’ullar biriktirilishi hamda zarur amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.









