Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Zakovat” intellektual o‘yinida ishtirok etdi
2026-05-07 15:15:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Zakovat” intellektual o‘yini ishtirokchilari bilan uchrashib, yoshlarning bilim va salohiyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan intellektual avlod haqida fikr bildirdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi keyingi yillarda yoshlarning intellektual salohiyati, kitobxonlikka qiziqishi va ilm-fanga intilishi sezilarli darajada ortib borayotganini ta’kidladi. “Zakovat” klubi nafaqat bilim maydoni, balki yoshlarni fikrlashga, izlanishga, tezkor qaror qabul qilishga undaydigan muhim ma’naviy-ma’rifiy maktab, harakatga aylanayotgani qayd etildi. Bugun klubga a’zo bo‘lishni istovchi yoshlar soni ortib borayotgani ham mamlakatda yoshlar siyosatiga qaratilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekani aytildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi bugun hayotning barcha sohalarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, ilmli va salohiyatli yoshlar safining kengayib borayotgani mamlakat taraqqiyotining muhim natijalaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, Uchinchi Renessans g‘oyasi haqida so‘z yuritilib, bu poydevorni aynan bilimli, intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlar yaratayotgani qayd etildi. Viloyat hokimi buyuk ajdodlar — Al-Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Mahmud az-Zamaxshariy, Imom Buxoriy kabi ulug‘ zotlarning munosib davomchilari bugungi yoshlar orasidan yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda yoshlarga doimiy o‘qish, izlanish va o‘z ustida ishlash zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekistonni ilm-fan, texnologiya, sport va boshqa sohalarda dunyoga namuna qilib ko‘rsatish uchun marrani baland olish, katta maqsadlar bilan yashash muhim ekani aytildi.
“Zakovat” intellektual o‘yinlarini yanada ommalashtirish maqsadida har payshanba kuni turli hududlarda o‘yinlar tashkil etilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, viloyat miqyosida “Viloyat hokimi”, “Viloyat prokurori”, “DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i” kabi kuboklarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Tadbir davomida Farg‘ona yoshlarining xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlari ham alohida e’tirof etildi. Xususan, dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri hisoblangan Garvardga Farg‘onadan bir necha yoshlar yuqori natijalar bilan grant asosida qabul qilinayotgani, shuningdek, o‘zbek yoshlarining shaxmat va boshqa intellektual yo‘nalishlarda xalqaro yutuqlarga erishayotgani mamlakatda bilimli avlod shakllanayotganining yorqin namunasi ekani ta’kidlandi. “Zakovat” ishtirokchilariga omadlar tiladi.
Shundan so‘ng viloyat hokimining o‘zi ham “Zakovat” intellektual o‘yinida ishtirok etdi.






