Uchko‘priklik yoshlar bilan samimiy muloqotlar
2026-04-23 19:40:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda yoshlarning istiqbolli startap loyihalari, innovatsion ishlanmalari va tayyor prototiplari taqdimoti o‘tkazildi.
Mas’ullar yoshlarning axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, raqamlashtirish kabi yo‘nalishlardagi taqdimotlari bilan tanishib, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga tatbiq etish masalalarini muhokama qilishdi.
Tumandagi 2-son texnikumda yoshlarning kasb-hunar o‘rganishi uchun barcha sharoitlar mavjud. O‘quv va amaliyot xonalari zamonaviy elektron doskalar, zarur asbob-anjomlar va texnik vositalar bilan jihozlangan.
Texnikumda o‘quvchi-yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardosh kasb yo‘nalishlarini egallashi, dual ta’lim asosida bir vaqtning o‘zida ham o‘qib, ham ishlashi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Ta’lim muassasasining payvandlash to‘garagi o‘quvchilari tomonidan uy-joylar qurilish ishlarida zarur hisoblangan simto‘r ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, tikuvchilik yo‘nalishi ta’lim ustalari rahbarligi ostida turli yopinchiqlar, dasturxonlar, bolalar kiyimlari tikish yo‘lga qo‘yilgan.
Amaliy mashg‘ulotlar va tayyorlangan mahsulotlarni sotish uchun tuman hokimligi tashabbusi bilan “Boboshbek” savdo kompleksida alohida joy ajratilgan. Dual ta’lim asosida o‘quvchilar haftaning uch kunida texnikumda tahsil olishmoqda, uch kun esa majmuadagi tikuv sexlarida tikuvchilik sir-asrorlarini o‘rganishmoqda.
Bugun yoshlar kuni munosabati bilan viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov mazkur ta’lim maskanida bo‘lib, o‘qish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi, o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.









