Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q: harakat qilgan inson barcha maqsadga erisha oladi
2026-04-09 13:20:00 / Yangiliklar

Samimiy muloqotda Farg‘ona tumanidagi “Log‘on” MFY hududida joylashgan “Bilimdon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida tashkil etilgan tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Unda shahar va tumanlardan kelgan 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etgani, jami 50 nafar ishtirokchi o‘z loyihalarini taqdim etgani qayd etildi.
Muloqotda yoshlar o‘tkazilgan tadbirlar ularda katta taassurot qoldirganini, yangi do‘stlar orttirishga va tajriba almashishga xizmat qilganini alohida ta’kidladilar. Buning uchun Prezidentimizga minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Shuningdek, yoshlar uchrashuvda viloyat rahbarini o‘z tashabbus va g‘oyalari bilan tanishtirib, ularni amalga oshirish bo‘yicha takliflari haqida ham to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, volontyorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ko‘zi ojiz hamda eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirishga qaratilgan mobil ilovalar yaratish, imkoniyati cheklanganlar uchun dizayn va tikuvchilik yo‘nalishida loyihalarni yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Viloyat rahbari bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etdi. Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, har bir yoshda o‘ziga xos qobiliyat va salohiyat mavjudligi, ularni ro‘yobga chiqarish uchun har tomonlama ko‘mak berish muhimligini aytib o‘tdi. Ba’zi bir imkoniyati cheklangan yoshlar o‘zining mehnati, matonati bilan boshqalarga ibrat bo‘layotgani qayd etildi.
“Voice Up–2026” ishtirokchilari kelgusida respublika bosqichida ham munosib natijalarga erishishga intilishlarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi mutasaddi rahbarlarga yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.









