Viloyat hokimi bo‘lajak shifokorlar bilan uchrashdi
2026-04-09 13:00:00 / Yangiliklar

Yaqinda foydalanishga topshirilgan mazkur klinikada bo‘lajak shifokorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular bu yerda dual ta’lim olishadi, nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtiradilar. 120 o‘rinli statsionar hamda kuniga 200 nafargacha bemorni qabul qilish imkoniga ega ambulator bo‘limlarda umumiy terapiya, umumiy xirurgiya, anesteziologiya va reanimatsiya, qabul-diagnostika, fizioterapiya kabi yo‘nalishlarda zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, “Xalq tabobati va farmakologiya” kafedrasi qoshida tashkil etilgan dorivor o‘simliklar o‘quv-amaliyot bazasi talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat hokimiga klinikadagi sharoitlar, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Talabalar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotda viloyat rahbari ularning reja va maqsadlarini tingladi. Bir qator talabalarning xorijda malaka oshirib, amaliy tajriba orttirib qaytgani e’tirof etildi.
Viloyat hokimi mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi islohotlar xususida so‘z yuritib, sihat-salomatlik har bir inson, butun jamiyat uchun bebaho boylik, ulug‘ ne’mat ekanligini ta’kidladi. Tibbiyot sohasini rivojlantirish hamda aholi salomatligini mustahkamlashda malakali, bilimli shifokorlarning faoliyati muhim o‘rin tutishligini qayd etib o‘tdi. Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bilan bir qatorda, yoshlar asosiy e’tiborni sohani mukammal egallash, chuqur bilim olish, kitob o‘qish va tinimsiz mehnatga qaratish lozimligi qayd etildi.
— Tibbiyot sohasi inson taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Shifokorning bilim va mas’uliyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayrim hollarda shirin so‘zning o‘zi ham bemorning sog‘ayishida muhim omil bo‘lishi mumkin, — dedi viloyat rahbari.
Uchrashuvda kasalliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish ustuvor vazifa ekaniga alohida urg‘u berildi.
Viloyat hokimi yoshlarni Uchinchi Renessans poydevorini yaratuvchi avlod bo‘lishga chorlab, ular Ibn Sino va Beruniy kabi ulug‘ ajdodlarga munosib voris bo‘lib, yetuk olim va malakali mutaxassislar sifatida kamol topishi zarurligini qayd etdi.
Yoshlar ishonchni oqlash uchun albatta, yaxshi o‘qib-o‘rganishlarini ta’kidlab, o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.









