Farg‘ona shahrida DXX kubogi musobaqalari boshlandi
2026-04-08 17:50:00 / Yangiliklar

Bugun Farg‘ona shahar bosqichi musobaqalarning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov, shahar hokimi Vosiljon Nazarov, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari, sportchilar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar mazkur musobaqa nafaqat sport bayrami, balki yoshlarni birlashtiruvchi, ularning jismoniy va ma’naviy kamolotiga xizmat qiluvchi muhim tadbir ekanligiga e’tibor qaratishdi. Yigitlar o‘rtasida futbol va mini-futbol, shuningdek, qizlar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalar yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur yo‘nalishdagi aniq chora-tadbirlar belgilab berilgani qayd etildi.
Xususan, futbolni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, kelgusida g‘olib jamoalarning viloyat va respublika bosqichlarida ham munosib ishtirok etishiga ishonch bildirildi.
Tadbir doirasida qura tashlash jarayoni o‘tkazilib, shahardagi mavjud 74 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida shakllantirilgan jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlar tartibi belgilab olindi.
Shundan so‘ng qura natijalariga ko‘ra, jamoalar o‘rtasidagi qiziqarli o‘yinlar boshlandi.









