Farg‘ona va Afg‘oniston o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar yanada faollashmoqda
2026-04-06 15:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan barcha sohalarda konstruktiv va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lami kengayib borayotganligi qayd etildi. Mazkur delegatsiyaning Farg‘onaga tashrifi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda hududlararo iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam hisoblanishi ta’kidlandi.
Muloqot doirasida “Farg‘ona–Afg‘oniston” biznes-forumi haqida ham fikr almashildi. Xususan, turli sohalarda qator istiqbolli kelishuvlarga erishilgani, bunday formatdagi muloqotlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘layotgani ta’kidlandi.
Mohammed Arian Azimi delegatsiya a’zolari tomonidan viloyatning muhim tarmoqlari bilan yaqindan tanishilib, Farg‘onada hamkorlik uchun ko‘plab yo‘nalishlarda ulkan imkoniyatlar borligi bildirildi. Tashrif davomidagi tadbirlar va biznes-forum doirasida ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasida 500 mln dollarlik shartnomalar tuzilganligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda Farg‘ona viloyatida Afg‘onistonning vakolatxonasini ochish, meva-sabzavotchilik hamda qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot va o‘zaro tashriflarni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Viloyat hokimi hududda qulay investitsiya muhiti yaratilganini ta’kidlab, afg‘on ishbilarmon doiralari bilan barcha ustuvor sohalarda o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan, tadbirkorlar va rasmiy delegatsiyalar almashinuvini muntazam yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.




