Fargʼonada xalqaro standartdagi yana bir tibbiyot markazi ish boshladi
2026-04-03 10:25:00 / Yangiliklar

Klinikaning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tibbiyot xodimlari, investorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda soʼz olgan viloyat hokimi barcha tizim xodimlarini yangi markazning ishga tushishi bilan samimiy qutlab, mamlakatimizda sogʼliqni saqlash tizimini izchil rivojlantirish, aholiga zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat koʼrsatish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Xususan, tibbiyotda xususiy sektorning salmogʼi oshib borayotganligi, ularni qoʼllab-quvvatlash va qoʼshimcha sharoitlar yaratish tizimli davom etayotganligi xususida soʼz yuritildi. Viloyatimizda sogʼliqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish hamda aholi salomatligini mustahkamlashda xususiy sektorning oʼrni va ahamiyati tobora ortib borayotgani, oʼtgan yilning oʼzida 87 ta yangi diagnostika va davolash muassasalari tashkil etilgani hamda viloyat ushbu yoʼnalishda Respublikada yetakchi hududlardan biri ekanligi maʼlum qilindi.
Fargʼona viloyati bugungi kunda nafaqat mahalliy aholiga, balki qoʼshni respublikalardan kelayotgan minglab bemorlarga ham yuqori sifatli tibbiy xizmat koʼrsatayotgan, tibbiy turizm rivojlanayotgan hudud sifatida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Аholi salomatligi uchun xizmat qiladigan klinika faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
“Euro Med Family” MChJ tomonidan barpo etilgan mazkur tibbiyot markazi ham aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan muhim va ezgu tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Qiymati 5 million dollarni tashkil etuvchi ushbu loyiha Janubiy Koreyalik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Markaz ilgʼor tibbiy uskunalar bilan jihozlangan boʼlib, bu yerda barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan va yuqori malakali mutaxassislar faoliyat olib boradi.
Eng muhimi, aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat koʼrsatish uchun barcha qulayliklar mavjud boʼlib, 200 ta yangi ish oʼrni yaratildi. Yiliga 100 ming nafar aholiga sifatli tibbiy xizmat koʼrsatish imkoniyatiga ega.
Markazda travmatologiya, ginekologiya, LOR, ortopediya, neyroxirurgiya, reanimatsiya kabi boʼlimlar hamda zamonaviy diagnostika xizmati yoʼlga qoʼyilgan.
Tadbir davomida xorijiy hamkor Jay Yong Nam va tadbirkor Ziyodullo Omonov ham soʼzga chiqib, mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, qoʼllab-quvvatlash va amaliy koʼmak uchun minnatdorlik bildirdilar. Аholiga sifatli va xalqaro standartlar asosida tibbiy xizmat koʼrsatish asosiy maqsad qilingani taʼkidlandi.
Markaz nafaqat viloyat aholisi, balki qoʼshni davlatlardan keluvchi bemorlar uchun ham sifatli xizmat koʼrsatuvchi nufuzli tibbiyot muassasalaridan biriga aylanishi aytib oʼtildi.
Shundan soʼng ramziy lenta qirqilib, mehmonlar markazda yaratilgan shart-sharoitlar hamda koʼrsatiladigan tibbiy xizmatlar bilan yaqindan tanishdilar.









