Farg‘ona shahrida yoshlar sayli yuqori saviyada o‘tdi
2026-04-02 17:25:00 / Yangiliklar

Yoshlar faolligini oshirish, ularning iste’dod va salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov, hamkor tashkilotlar rahbarlari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Sayl doirasida 20 dan ortiq turli tanlovlar va sport musobaqalari tashkil etilib, ularda ishtirokchilar o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ko‘rsatdilar.
Xususan, yosh tadbirkorlar, hunarmandlar va musavvirlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar va ijodiy ishlanmalar ko‘rgazmalar orqali namoyish etildi. Shuningdek, kitoblar yarmarkasi tashkil qilinib, sportchi yoshlar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar o‘tkazildi.
Shaxmat va shashka musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari hamda arqon tortish bellashuvlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy sport turlari — dor o‘yinlari, polvonlar bellashuvlari va osh tanlovlari ham tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi.
Shahar va tumanlar kesimida tashkil etilgan pavilonlarda hududlarning o‘ziga xos jihatlari aks ettirilib, yoshlarning erishayotgan yutuqlari va istiqbolli loyihalari taqdimot qilindi.
Tadbir davomida yoshlarning ijodiy chiqishlari, qo‘shiq va musiqiy dasturlar, nuroniylar bilan o‘tgan uchrashuvlar yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinkilik ulashdi.
Yakunda faol ishtirokchilar va g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.









