Quvasoy shahrida yirik investitsiya loyihasining qurilishi boshlandi
2026-04-02 12:40:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha “FERGHANATELTEKS” MCHJ tomonidan turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bo‘lib, ingichka tolali kabellar ishlab chiqaradi. Umumiy qiymati 25 million dollarni tashkil etuvchi loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar joriy qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tashabbusning asosiy maqsadi yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek, eksport salohiyatini kengaytirishdan iborat. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning asosiy qismi Turkiya va MDH davlatlariga eksport qilinadi. Loyihani 2026-yilning uchinchi choragida ishga tushirish belgilangan.
Tadbir davomida qo‘shma korxona rahbari Yavuz Karabulut qurilish va ishga tushirish jarayonlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Nuroniylar ishtirokida duolar qilinib, ezgu niyatlar bilan yangi korxona qurilishi boshlandi.




