Farg‘onadagi imkoniyatlar investorlarni yangi loyihalarga undamoqda
2026-03-27 16:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda axborot texnologiyalari va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, shuningdek, istiqboldagi yangi tashabbuslar atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari, ijtimoiy sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, xalqaro grant dasturlari, shuningdek, Farg‘ona davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur loyihalar doirasida xitoylik hamkorlar tomonidan ham viloyatning turli sohalariga investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Shu maqsadda uchrashuvga xitoylik hamkorlari bilan birga tashrif buyurgan.
“Lonton” kompaniyasi boshqaruv raisi Xe Shinkay “AHA” kompaniyasi bilan mahsulot yetkazib berish sohasida samarali hamkorlik qilib kelayotganini, kelgusida Farg‘ona viloyatida ushbu yo‘nalishda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyati borligini ma’lum qildi hamda kompaniya faoliyati va mahsulotlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bildirilgan taklif va loyihalar ijtimoiy sohani rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ularni amalga oshirish uchun tegishli mas’ullar biriktirilishi, aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi qayd etildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatiga jalb etilayotgan xorijiy grant loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.




