Farg‘onada “Farg‘ona – Gomel” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2026-03-26 15:00:00 / Yangiliklar

Ikki hudud ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ishbilarmon doira vakillari, salohiyatli tadbirkorlar, Savdo-sanoat palatasi hamda tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Belarus Respublikasining Gomel viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko boshchiligidagi delegatsiya a’zolariga tashrif uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
Bugungi uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklik ruhida o‘tayotgani, oliy darajadagi faol siyosiy muloqot tufayli munosabatlar barqaror o‘sish sur’atini namoyon etib, hududlararo hamkorlik esa ushbu jarayonning muhim drayveriga aylanayotganligi qayd etildi. Bu jarayonda Ivan Krupkoning ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi beqiyos ekanligi alohida e’tirof etildi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyati bilan Belarus hududlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 42 million dollarni tashkil etgani, Belarus kapitali ishtirokida qator investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligi, bugungi kunda viloyatda 12 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritayotganligi, bu esa hududlar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch va amaliy hamkorlikni yaqqol tasdiqlashi ta’kidlandi.
Bugun o‘tayotgan “Farg‘ona – Gomel” biznes-forumi, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasining imzolanishi, shuningdek, hududlar Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv — bularning barchasi ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlashning muhim vositalari ekanligi qayd etildi.
Ushbu mexanizmlar yangi kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish, o‘zaro savdoni kengaytirish va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bugungi forum yakunlari, erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Gomel viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko ham tadbirda so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasida izchil rivojlanayotganini, yaqin hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini ta’kidladi. Farg‘ona viloyati bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar ham ushbu jarayonda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Forum doirasida ikki hududning sanoat salohiyati, investitsion jozibadorligi, turizm imkoniyatlari hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari haqida videoroliklar namoyish etildi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov viloyatning investitsiya va eksport salohiyati haqida taqdimot qildi. Shuningdek, Gomel viloyatining yirik kompaniyalari rahbarlari tomonidan ham taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida biznes-forum ishtirokchilari o‘rtasida B2B formatdagi uchrashuvlar o‘tkazilib, aniq investitsiya va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.









