Farg‘ona shahrida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan matbuot anjumani hamda tibbiyot xodimlari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi
2026-03-25 16:25:00 / Yangiliklar

Ushbu tizimning muhim jihati aholi tomonidan qo‘shimcha mablag‘ to‘lash talab etilmaydi — tibbiy xizmatlar davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Dastlab Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilgan tizim 2026 yil yakuniga qadar respublikaning barcha hududlarini qamrab olishi rejalashtirilgan. Xususan, aprel oyidan boshlab Farg‘ona viloyatida ham joriy etiladi.
Yangi tizim doirasida har bir tibbiyot muassasasi kesimida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketlari ishlab chiqilmoqda. Ushbu paketlar O‘zbekiston fuqarolari, doimiy yashovchi chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi.
Eng muhimi, barcha jarayonlar raqamlashtirilmoqda. Fuqarolar tekshiruv natijalarini olish uchun shifoxonaga borishi shart emas. Natijalar haqida ma’lumotlar oilaviy shifokor tomonidan SMS orqali yuboriladi.
Shuningdek, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida Reimbursatsiya, ya’ni “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadigan dastur amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga oilaviy shifokor tomonidan berilgan elektron resept asosida dori vositalari bepul taqdim etilmoqda. Dori xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.
Hozirgi kunda 12 ta kasallik guruhi, jumladan arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va boshqa kasalliklar qamrab olingan bo‘lib, 28 turdagi dori vositalari ambulator sharoitda bepul beriladi.
Barcha tibbiy xizmatlar elektron yo‘llanmalar orqali amalga oshirilib, mis2.ssv.uz axborot tizimi orqali shakllantirilmoqda.
Matbuot anjumanida ishtirokchilar soha mutaxassislari tomonidan mazkur jarayonlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Shuningdek, seminar doirasida tibbiyot sohasi xodimlari ham tizim haqida atroflicha tushunchalarga ega bo‘ldilar.




