Viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining 2026-yilgi mavsumiga tantanali ravishda start berildi
2026-03-24 15:40:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida tashkil etilayotgan ushbu musobaqalar mamlakatimizning barcha hududlaridan yosh iqtidorli sportchilarni saralab olishga xizmat qilayotganligi, mazkur loyiha qamrovi yildan yilga kengayib borayotganligi ta'kidlandi.
Xususan, 2025-yilda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari 15–17 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida 10 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan bo‘lsa, 2026-yilda 13–14 yoshli sportchilar (badiiy gimnastika bo‘yicha 11–12 yoshli) 21 ta olimpiya sport turi bo‘yicha bellashadi. Joriy yilgi musobaqalar uch bosqichda — “Tuman va shahar hokimi olimpiadasi”, “Viloyat hokimi olimpiadasi” hamda “Prezident Olimpiadasi” shaklida tashkil etiladi.
2026-yilgi mavsumning o‘ziga xos jihati shundaki, dasturga voleybol, gandbol, badminton, qilichbozlik, tennis, sohil voleyboli, suzish, velosport (shosse), chim ustida xokkey va velotrek kabi qator yangi sport turlari kiritildi. Bu esa yoshlar orasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda raqobat muhitini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Musobaqalarning birinchi bosqichi — tuman va shahar hokimi olimpiadasi mart–aprel oylarida, ikkinchi bosqichi — viloyat hokimi olimpiadasi may–iyun oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur yirik sport loyihasi viloyatimizda yoshlar sportini ya.ngi bosqichga olib chiqish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etishga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.





