Fargʼonada Xitoy investorlari ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining navbatdagi bosqichi boshlandi
2026-03-14 10:25:00 / Yangiliklar

Bugun Fargʼona tumanida loyiha doirasida zamonaviy savdo va logistika markazi qurilishiga kirishildi. Tadbirda viloyat va tuman hokimligi masʼullari, xorijiy investorlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yirik loyiha asosida barpo etilayotgan Fargʼona Yevroosiyo xalqaro savdo markazida Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy turdagi mahsulotlar, oziq-ovqat hamda turli sanoat mahsulotlari savdosi yoʼlga qoʼyiladi. Buning uchun 150 million dollar miqdorida toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiya yoʼnaltirilmoqda. Natijada loyihaning birinchi bosqichidayoq mingga yaqin yangi ish oʼrinlari yaratilishi kutilmoqda.
Tadbir davomida hududda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish ishlari ham amalga oshirildi. Nuroniylar tomonidan yurt tinchligi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga xayru baraka tilab duolar qilindi.
Shu kuni “Hengtai” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Margʼilon shahridagi Burhoniddin Margʼinoniy ilmiy-maʼrifiy, turizm markazi hududida besh yulduzli mehmonxona qurilishiga ham start berildi.
Loyiha hududda turizm salohiyatini yanada oshirish, xorijiy sayyohlar oqimini koʼpaytirish va xizmatlar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.






