Fargʼonada ilk media volontyorlar klubi tashkil etildi
2026-03-12 20:35:00 / Yangiliklar

Yoshlar tashabbusi bilan yana bir ahamiyatli qadam tashlanib, turli yosh toifasidagi yigit-qizlarni birlashtirgan ilk media volontyorlar klubi tashkil etildi.
Bugun viloyat axborot-kutubxona markazida mazkur klub aʼzolari boʼlgan yoshlar bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, media sohasiga qiziquvchi yigit-qizlar bilan yaqindan muloqot qildi.
Viloyat hokimi uchrashuv davomida volontyorlik faqatgina koʼngilli xizmat emas, balki yoshlar uchun katta masʼuliyat ekanligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, bugungi shiddatli davrda axborot makonida sifatli va milliy kontentlar hajmini oshirish, viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlarni, yoshlar hayotini kreativ yondashuvlar orqali keng ommaga yetkazish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Uchrashuvda yoshlarning ijodiy gʼoyalari tinglandi va kelgusidagi loyihalarni amalga oshirish boʼyicha muhim vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, yoshlarga tajribali jurnalistlar va media sohasida katta yoʼl bosib oʼtgan ijodkorlar tomonidan qimmatli maslahat va bilimlar berildi.






