Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligida Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-02-23 16:15:00 / Yangiliklar

“Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarori mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.
Qaror orqali mamlakatimizda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazish chora-tadbirlari belgilab berilgani qayd etildi.
“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazish masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.
Shuningdek, Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish borasidagi amaliy ishlar muhokama etildi. Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.
Qaror doirasida ajratilgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirilishi, kontingentni shakllantirishda shaffoflik, halollik va adolat mezonlariga amal qilinishi, reyestrga kiritilgan toifalar bo‘yicha ishlarni to‘g‘ri tashkil etilishi bilan bog‘liq jarayonlarga e’tibor qaratildi.
Yakunda oldinda turgan vazifalar kelishib olindi.






