Buyuk mutafakkir merosiga ehtirom: Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanmoqda
2026-02-09 11:15:00 / Yangiliklar

Bugun erta tongda Farg‘ona shahridagi Alisher Navoiy xiyobonida ham tantanali ehtirom tadbiri o‘tkazildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyotshunos olimlar, ziyolilar, talaba-yoshlar hamda she’riyat ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokchilarni buyuk mutafakkir va davlat arbobi hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi bilan tabrikladi.
Navoiy ilgari surgan insonparvarlik, adolat, ma’rifat va ezgulik g‘oyalari bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati bilan uyg‘un ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Navoiy o‘z asarlari bilan turkiy tilni qudratini namoyon etgani, ilmni sharaflab, inson qadrini ulug‘lagani qayd etildi.
Buyuk alloma uchun Vatan muqaddas tushuncha, adolat hayot mezoni, ma’rifat esa najot yo‘li bo‘lgani, uning boy merosi nafaqat adabiy xazina, balki ma’naviy dastur va tarbiya maktabi ekani ta’kidlandi.
Anjumanda ishtirok etgan olimlar va ijodkorlar Navoiy hazratlarining ilmiy-adabiy merosi, jahon adabiyotidagi beqiyos o‘rni hamda “Xamsa” asarining yuksak ma’naviy ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Shoir Erkin Bozorov, filologiya fanlari doktori, professor Zebo Qobulova Navoiy ijodining o‘ziga xos jihatlari, yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati xususida fikr bildirdilar.
Tadbir doirasida madaniy chiqishlar, she’riy kompozitsiyalar hamda sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Yakunda ishtirokchilar buyuk shoir haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, uning yorqin xotirasiga ehtirom ko‘rsatdilar.









