Furqat tumanida “Do‘stlik city Mall” xalqaro savdo va ko‘ngilochar kompleksi barpo etilmoqda
2026-02-06 15:45:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda obyektda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Viloyat hokimi loyiha ijrosini ko‘zdan kechirib, ishlar sifatini ta’minlash, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya qilish hamda zamonaviy qurilish texnologiyalaridan samarali foydalanish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
Mazkur hududda tekstil mahsulotlari, qurilish materiallari, uy-ro‘zg‘or buyumlari savdosi hamda ishlab chiqarish fabrikalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 6 ta maxsus maydon tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, uch qavatli zamonaviy savdo markazi ham qurilmoqda.
Umumiy qiymati 400 milliard so‘mga teng bo‘lgan loyiha 2027-yilda to‘liq ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 4 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Majmua bir vaqtning o‘zida 40 ming nafargacha mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyiha nafaqat mahalliy aholi, balki Tojikiston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlardan keluvchi xaridorlarga ham xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.






