Farg‘ona viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
2026-01-29 19:05:00 / Yangiliklar

Unda joriy yilning 27 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat va jamiyat xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi mavjud holat atroflicha muhokama qilindi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Chilonzor tumani misolida joriy etilgan yangi tizim, uning mazmun-mohiyati va mazkur tajribani Farg‘ona viloyatida samarali tatbiq etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning barvaqt oldini olish borasida muayyan ijobiy ishlar amalga oshirilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori ekani, mahallalarda ishni tashkil etishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi. Aniq misollar orqali mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining geografik joylashuvi, aholisi soni jihatidan respublikadagi eng yirik hududlardan biri ekani qayd etilib, viloyatda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash hamda jinoyatchilikka qarshi faol kurashish borasida barcha mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlik yanada kuchaytirilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangani ma’lum qilindi. Tayinlovga qadar A.Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
Yig‘ilish davomida kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar kelishib olindi.








