Farg‘ona viloyatida investitsiya va eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha yuqori marralar belgilandi
2026-01-16 13:15:00 / Yangiliklar

“2025–2026-yillarda Farg‘ona viloyatida investitsiya va eksportni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari” mavzusida tashkil etilgan anjumanda hududda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik aloqalari, investitsiya jalb etish va eksport sohasida erishilgan natijalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, 2025-yil Farg‘ona viloyati uchun xalqaro hamkorlik yo‘nalishida samarali yil bo‘ldi. Jami 1 281 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 3,7 mlrd AQSh dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Shundan 2,5 mlrd dollari xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Viloyat tadbirkorlaridan iborat delegatsiyalar Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Yaponiya, Quvayt, Germaniya, Belarus, Ozarbayjon, Malayziya kabi 13 ta davlatga tashrif buyurib, 800 dan ortiq savdo-iqtisodiy muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatiga ko‘plab xorijiy investorlar tashrif buyurib, ular bilan muhim kelishuvlarga erishildi.
Yana bir quvonarli jihat, 2025-yilda xalqaro “S&P Global” reyting agentligi Farg‘ona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini ikki marta yaxshilab, noyabr oyida “B+” darajadan “BB-”ga ko‘tardi hamda barqaror o‘sish prognozini berdi.
Anjuman davomida Prezident topshiriq va ko‘rsatmalari asosida viloyatda qo‘lga kiritilayotgan natijalar, shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.




