Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning "Aros Information Technology" kompaniyasi direktori Zhang Ziqingni qabul qildi
2025-12-23 20:55:00 / Yangiliklar

Aros - texnologik va innovatsion texnikalar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, o‘z faoliyati davomida zamonaviy himoya, integratsiya va texnologik yechimlarni yaratish va amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning maqsadi eko-dos, tejamkor va innovatsion texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar, xizmatlarni joriy etishdan iborat.
Muloqotda kompaniya tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy yondashuv, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan holda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy texnikalar, ularning afzalliklari, tejamkorligi haqida taqdimot o‘tkazildi.
Farg‘ona davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligida foydalanish bo‘yicha yangi innovatsion texnikalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Kompaniya direktorining ma’lum qilishicha, innovatsion texnikalar qishloq xo‘jaligida foydalanishda yoqilg‘i sarfini kamaytiradi.
Viloyat rahbari taqdim etilgan loyiha muhim ekanligini qayd etib, uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Eng avvalo zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish muhim maqsadlardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Yakunda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama kelishuv imzolandi.


