Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “O‘zbekkosmos” agentligi direktori Shuhrat Qodirov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
2025-12-02 13:50:00 / Yangiliklar

Ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘ziga xos “Farg‘ona tajribasi”ni yaratish masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotda davlat kosmik monitoring tizimi, uni joriy etish mexanizmi, idoralararo hamkorlik, oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalar va malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, platforma orqali aerokosmik suratlarning qiyosiy tahlilini olish, yer munosabatlari sohasida raqamli tizim yaratish loyihasi, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini ta’minlash masalalari haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Kosmik monitoring yordamida hovuzlarni aniqlash, baliq ko‘llari xaritasini tuzish, qishloq xo‘jaligi ekin yerlarida suv iste’moli hajmlarini monitoring qilish, yashil hududlarni nazorat qilish imkoniyatlari tushuntirildi.
Viloyat rahbari taqdimot yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, olinayotgan har bir tahlil natijadorlikka xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lishini qayd etdi.
O‘zaro hamkorlik chora-tadbirlari kelishib olindi.




