Farg‘onada obodlik sari: “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” tanlovining g‘oliblari aniqlandi
2025-11-27 17:55:00 / Yangiliklar

Tanlovning dastlabki saralash bosqichi viloyatdagi 1015 ta mahallani qamrab olib, mezonlarga muvofiq eng namunali ishtirokchilar aniqlangan edi. Shahar va tuman bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar viloyat bosqichida o‘zaro bellashdi.
Yakuniy bosqich Farg‘ona shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Adham Ziyavitdinov hamda “mahalla yettiligi” rahbarlari, soha faollari qatnashib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladilar.
Tanlovda “Obod xonadon” va “Obod ko‘cha” nominatsiyalarida qatnashchilar hududlarida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari aks etgan fotoalbom va videoroliklar taqdimoti bilan ishtirok etdi.
“Obod mahalla” nominatsiyasida esa mahalla raislari taqdimot bilan birga savol-javob jarayonida o‘z tajribasi va tashabbuslarini namoyish qildilar.
Respublikadagi eng namunali mahallalar, xonadon va ko‘chalarni aniqlash, ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish hamda bu orqali ishsizlik, kambag‘allik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimlardan xoli hududlar sonini ko‘paytirish, mahallalarda hamjihatlikni yanada mustahkamlash maqsadi ustuvor ushbu tanlovning viloyat bosqichida mamlakatimizda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Oltiariq tumanidagi “Azimobod” mahallasi viloyatdagi eng obod mahalla deb topildi. “Obod xonadon” nominatsiyasida esa Farg‘ona tumanidagi “Boy mahalla” MFYdagi Ilyosbek Nomonovlar xonadoni g‘olib deb e’tirof etildi. Quva tumanidagi “Qorashoh” MFY “Sarboz” ko‘chasi esa viloyatdagi eng namunali ko‘cha sifatida baholandi.
Shuningdek, barcha nominatsiyalar bo‘yicha 2-3-o‘rin egalari hamda barcha ishtirokchilar O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Farg‘ona viloyati boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Har uchta nominatsiyada 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar ko‘rik-tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etadi.









