Farg‘ona shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazma-savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tdi
2025-11-26 12:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Burhon Qo‘ldoshev va Sherzod Polvonov ishtirok etib, yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar haqida to‘xtalib o‘tdilar.
"Fuqarolik jamiyati haftaligi" doirasida viloyat hokimligi, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan yarmarkada hunarmandchilik buyumlari, milliy liboslar, bezak va maishiy mahsulotlar namoyish etildi. Unda viloyatimiz shahar va tumanlaridan kelgan 57 nafar usta-hunarmandlar o‘zlarining 1 ming 200 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan qatnashdilar.
Shuningdek, auksion savdolarida hunarmandlarning 16 ta eng sara va nodir asarlari kimoshdi savdosiga qo‘yilib, bunday formatdagi auksion Respublikada ilk bor aynan Farg‘onada tashkil etilgani ta’kidlandi.
Eng muhimi, ushbu yarmarka nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir ularning mehnat mahsulini keng jamoatchilikka tanitish uchun katta imkoniyat yaratdi.









