Xitoy investorlari Farg‘ona turizm sohasiga katta qiziqish bildirmoqda
2025-11-25 09:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda keng ko‘lam kasb etib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Bu o‘zaro do‘stlik va mustahkam ishonchga asoslanganligi ta’kidlandi.
Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkori va yirik investoriga aylanmoqda. Hududlararo hamkorlik ham turli yo‘nalishlarda faollashmoqda. Shu ma’noda ayni kunlarda Farg‘onada xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yangi yirik loyihalarga – savdo markazi, mehmonxona va sanoat parki qurilishiga start berilayotgani uchrashuvda alohida qayd etildi.
Viloyat rahbari Xitoy tajribasidan ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishda samarali foydalanilayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, viloyatda hamkorlikda yangi turizm loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“China Chamber of Tourism” - Xitoydagi yirik milliy turizm tashkiloti bo‘lib, ko‘plab korxonalar, kompaniyalar va investorlarni birlashtiradi. Tashkilot raisi Farg‘ona viloyatiga xorijiy investorlarni faol jalb qilish istiqbollariga e’tibor qaratdi.
Xitoylik investorlar Farg‘ona tumanidagi Shohimardon qishlog‘i hamda Quva tumani va Quvasoy shaharlari turizm salohiyatini rivojlantirishga qiziqish bildirdilar. Ular “Hayvonot bog‘i” tashkil etish, zamonaviy attraksionlar qurish va boshqa bir qator loyihalarni amalga oshirish takliflarini ilgari surdilar.
Viloyat hokimi ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlashini va bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishini, jarayonlar aniq loyihalar asosida amalga oshirilishi zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hokimligi va Xitoy turizm palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.







