"Neftchi" 24 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston chempioni bo‘ldi
2025-11-22 21:55:00 / Yangiliklar

“Istiqlol” stadionida Superliga–2025 chempioni — “Neftchi” jamoasiga qo‘lga kiritilgan tarixiy chempionlik kubogi tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov butun jamoani, murabbiylarni va eng muhimi, yurakdan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan sodiq muxlislarni tarixiy g‘alaba bilan samimiy qutladi.
Bu yutuq — Prezidentimiz tomonidan futbol sohasiga qaratilayotgan katta e’tibor va yaratilgan imkoniyatlarning amaldagi samarasi ekanligi ta’kidlandi. Eng muhimi, mamlakatimizda adolat, shaffoflik va halollik tamoyillari qaror topgani futbol rivojiga yangi sur’at bermoqda.
Viloyatimizda ham futbol yangi bosqichga chiqayotganini e’tirof etgan viloyat hokimi “Farg‘onani O‘zbekistonning futbol poytaxtiga aylantiramiz!”, - deya ustuvor maqsad belgilab olinganini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, kelgusi mavsumlarda “Qo‘qon–1912”ning Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashishiga, “Neftchi”ning g‘olibona yurishlari Osiyo chempionlari elita ligasida ham davom etishiga ishonch bildirdi.
Viloyat rahbari 24 yillik tanaffusdan so‘ng muhim g‘alabaga erishilgani, shonli tarixga ega “Neftchi” jamoasi tarixida beqiyos iz qoldirgan Yuriy Vazgenovich Sarkisyanning xizmatlarini ham alohida e’tirof etdi. Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko, murabbiylar shtabi, klub xodimlari va barcha muxlislarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tantanada ishtirok etgan O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov viloyat hokimining futbol rivojiga qo‘shyotgan hissasini yuksak baholadi. Gʻalaba bilan jamoani va muxlislarni tabrikladi.
Tadbir davomida “Istiqlol” stadioni “Yil stadioni” deb e’lon qilindi.
Yakunda chempionlik kubogi tantanali ravishda topshirildi.
Futbol bayrami mushakbozlik jarayonlari, parad yurishlari bilan davom etdi.









