Viloyat hokimi tadbirkorlar bilan muloqot qildi
2025-11-18 19:40:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ularning yangi istiqbolli loyihalari, takliflari hamda faoliyat jarayonida uchrayotgan muammolari tinglandi.
Viloyat rahbari bugun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish mamlakatdagi ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Uchrashuvda “Qo‘qon” texnoparki tashkil etilayotgani, erkin iqtisodiy zonada tadbirkorlar yangi loyihalar bilan ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ma’lum qilindi.
Qo‘qon shahri, Uchko‘prik va O‘zbekiston tumanlaridan kelgan 30 dan ziyod tadbirkorning murojaat va masalalari eshitildi. Ular qurilish, trikotaj, tibbiy buyumlar, qandolatchilik, metall mahsulotlari ishlab chiqarish hamda boshqa yo‘nalishlardagi loyihalari haqida ma’lumot berib, amalga oshirishdagi masalalar bo‘yicha murojaat qildilr. Faoliyatlarini yanada kengaytirish, eksport hajmini oshirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirishdagi takliflarini bildirdilar.
Har bir istiqbolli loyihani qo‘llab-quvvatlash, ularni “Qo‘qon” texnoparkiga joylashtirish imkoniyatlari bo‘yicha tadbirkorlarga tushuntirishlar berildi. Mutasaddilarga tadbirkorlar loyihalarini o‘rganib chiqib, aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklandi.
Shuningdek, Qo‘qon shahrida maxsus shtab tashkil qilinib, har shanba tadbirkorlarning taklif va muammolari ko‘rib chiqilishi, Tadbirkorlar kengashi samarali ishlashi, ularga amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Tegishli mas’ullar esa har bir tadbirkorning muammosini hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi shartligi qayd etildi.









