O‘zbekistonlik talabalar Huawei’ning Xitoydagi yetakchi ta’lim loyihasida ishtirok etdilar
2025-10-31 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan o‘n nafar talaba — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Inha universiteti, Amity universiteti, Turin politexnika universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti talabalari Huawei kompaniyasining an’anaviy “Seeds for the Future” flagman ta’lim dasturi doirasida Xitoyda o‘quv safarida bo‘ldilar.
Talabalar Dunguan va Shenchjen shaharlarida tashkil etilgan dastur davomida intensiv AKT kurslarida ishtirok etishdi, Huawei mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi, Xitoyning ilg‘or texnologik kompaniyalariga tashrif buyurishdi hamda dunyoning 19 mamlakatidan kelgan tengdoshlar bilan madaniyatlararo almashinuvda qatnashishdi.
19–22 oktabr kunlari Dunguan shahridagi Huawei o‘quv markazida o‘tkazilgan dasturning birinchi bosqichida ishtirokchilar sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, 5G va 6G avlod tarmoqlari kabi ilg‘or yo‘nalishlar bo‘yicha mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Huawei murabbiylari tomonidan o‘tkazilgan interaktiv treninglar talabalarga guruh muhokamalari va muammolarni modellashtirish orqali o‘z bilimlarini chuqurlashtirish imkonini berdi. Shuningdek, talabalar Huawei kompaniyasining ilg‘or “aqlli” boshqaruv texnologiyalari joriy etilgan kampusiga tashrif buyurishdi.
Shenchjen shahrida ta’lim dasturi yuqori texnologiyalar bilan tanishish va madaniy almashinuv tadbirlari bilan davom etdi. Huawei ko‘rgazma zallarida talabalar qayta tiklanadigan energiya yechimlari, raqamli energiya tizimlari, aqlli elektromobil texnologiyalari hamda Huawei Device bo‘linmasining eng so‘nggi qurilmalari bilan tanishdilar.
Bundan tashqari, ishtirokchilar Xitoyning mashhur DJI va Tencent kompaniyalariga tashrif buyurib, ularning innovatsion ishlanmalari haqida ma’lumot oldilar.
Dastur Global Village nomli madaniy tadbir va yopilish marosimi bilan yakunlandi. Unda 19 mamlakatdan kelgan talabalar o‘z mamlakatlarining madaniyati, tarixi va milliy an’analarini sahnada namoyish etdilar.
Mazkur dastur O‘zbekiston talabalari uchun 11-marotaba tashkil etilmoqda. Shu kungacha 177 nafar o‘zbekistonlik talaba ushbu tashabbusda turli formatlarda ishtirok etgan — Xitoydagi o‘quv markazlarida, pandemiya davrida onlayn shaklda, shuningdek, Qatar, BAA va O‘zbekistonda o‘tkazilgan mintaqaviy loyihalarda.
Joriy yilda “Seeds for the Future” dasturi 93 mamlakatdan 703 talabani birlashtirdi, natijada umumiy ishtirokchilar soni 20 ming nafarga yaqinlashdi.
Huawei kompaniyasi AKT sohasida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida ta’lim dasturlari va tanlovlarni muntazam ravishda o‘tkazib kelmoqda. Hozirda ICT Competition 2025–2026 xalqaro musobaqasiga ro‘yxatdan o‘tish davom etmoqda. Unda O‘zbekistonning barcha universitetlarida tahsil olayotgan, axborot texnologiyalariga qiziqqan talabalar ishtirok etishlari mumkin.
Bundan tashqari, AKT sohasidagi mutaxassislar, hamkorlar va pudrat tashkilotlari uchun ham qator dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Shu jumladan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti negizida yangi ochilgan kasbiy tayyorgarlik markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u o‘quvchi va mutaxassislarga amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini beradi.








