Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Raqamli dunyoda xotin-qizlar ishtiroki va IT sohasidagi imkoniyatlar” forumi bo‘lib o‘tdi
2025-10-31 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Forumning asosiy maqsadi — xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlar bilan tanishtirish, ularni raqamli ko‘nikmalarni egallashga undash va IT kasblarining kelajagi haqida kengroq tushuncha berishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida IT sohasida muvaffaqiyatga erishgan xotin-qizlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, ishtirokchilarga raqamli savodxonlikni oshirish, sun’iy intellekt va dasturlash bo‘yicha bepul ta’lim resurslari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur forum yoshlarni zamonaviy texnologiyalar orqali o‘z potensialini ro‘yobga chiqarishga, yangi bilim va kasblarni egallashga ilhomlantirishni maqsad qilgan.
Forum davomida ishtirokchilarga quyidagi yo‘nalishlarda foydali ma’lumotlar berildi:
IT sohasida xalqaro sertifikatlar olish imkoniyatlari va ularning afzalliklari;
“Bir million o‘zbek dasturchilari” dasturi doirasida bepul ta’lim resurslari va amaliy mashg‘ulotlar;
IT sohasida muvaffaqiyatga erishgan xotin-qizlarning hayotiy tajribalari va ilhomlantiruvchi hikoyalari;
Elektron davlat xizmatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish tartibi;
Sun’iy intellekt texnologiyalaridan kundalik hayot va kasbiy faoliyatda unumli foydalanish yo‘llari.
Forum Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Qoraqalpog‘iston Respublikasi filliali, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda Uzinfocom kompaniyasi hamkorligida o‘tkazildi.
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova radbirni ochib berdi. U o‘z chiqishida xotin-qizlarning zamonaviy bilim va IT ko‘nikmalarini egallashi nafaqat ularning shaxsiy rivoji, balki jamiyat va iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun ham muhim omil ekanini ta’kidladi:
“Bugun qizlar raqamli kasblarni o‘rganib, texnologiyalar sohasida o‘z o‘rnini topmoqda. Ayollarning ITdagi faolligi bu yangi g‘oyalar, iqtisodiy rivojlanish va jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar manbai hisoblanadi.”
Forum davomida quyidagi spikerlar o‘z tajribalari va foydali ma’ruzalari orqali ishtirok etishdi:
Ilhom Juraev – Ta’lim tashkilotlari va masofaviy ta’limni rivojlantirish boshqarma boshlig‘i o’rinbosari
Anora Amirova – Uzinfocom kompaniyasining “Muxlisa AI” loyihasi ma’lumotlarni belgilash bo‘limi rahbari
Biibinaz Turemuratova – Zulfiya mukofoti sovrindori, “Data Soft Academy” asoschisi
Atabek Seytbaev – “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” bosh mutaxassisi
Forumda qatnashgan xotin-qizlar IT sohasidagi keng imkoniyatlar, kasbiy o‘sish yo‘llari hamda texnologiyalar yordamida o‘z salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha muhim bilim va tajribalarni orttirdilar.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning IT sohasiga kirib kelishi sezilarli darajada oshgan.
2018–2024-yillar davomida IT yo‘nalishida tahsil olayotgan xotin-qizlar soni 3 400 dan 18 240 nafargacha, ya’ni 5 barobar ko‘paygan.
AKT yo‘nalishidagi jami talabalar soni esa 17 546 dan 77 402 nafargacha oshgan bo‘lsa, xotin-qizlar ulushi 19% dan 23% gacha yetgan. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida 724 mingdan ortiq ayollar tahsil olmoqda — bu barcha talabalarning 51 foizini tashkil etadi.
Ushbu o‘sish faqat raqamlar emas, u ayollarning raqamli sohada faol ishtiroki ortib borayotganini, mamlakatda IT sohasidagi gender tafovuti asta-sekin kamayayotganini ko‘rsatadi. Bu esa global miqyosda ham muhim jarayon hisoblanadi.
BMTning “UN Women” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli gender tafovutini kamaytirish jahon iqtisodiyotiga 500 milliard dollardan ortiq foyda keltiradi.
“Cherie Blair Foundation for Women” bahosiga ko‘ra, xotin-qizlarning raqamli imkoniyatlardan teng foydalanishi rivojlanayotgan mamlakatlar YAIMini 5 trillion dollargacha oshirishi mumkin.
Shu bois O‘zbekiston uchun bu yo‘nalishdagi harakatlar nafaqat tenglik masalasi, balki IT xizmatlari eksporti va BPO sektorini rivojlantirish orqali iqtisodiy o‘sishga strategik hissa qo‘shish imkonidir.









