Janubiy Koreyaning raqamlashtirishdagi tajribasi o‘rganildi
2025-10-28 15:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 12–25-oktabr kunlari Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida Vazirlik va uning tizimidagi korxona va tashkilotlar vakillari uchun KOICAning “CIAT” (Capacity Improvement for Advanced Technology - Ilg‘or texnologiya uchun salohiyatni oshirish) dasturi doirasida “O‘zbekistonda raqamli transformatsiya bo‘yicha davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish” mavzusida amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur dastur raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohasida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, xalqaro tajriba almashuvini rivojlantirish, xususan, mazkur yo‘nalishlarda Janubiy Koreya tajribasini o‘rganishni maqsad qilgan.
Tadbirning ilk kunida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tomonidan KOICA vakillariga O‘zbekistonda raqamlashtirish, telekommunikatsiya, sun’iy intellekt va raqamli ta’lim yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan yirik loyiha va tashabbuslar haqida taqdimot o‘tkazilib, batafsil ma’lumotlar taqdim qilindi.
Keyingi kunlarda koreyalik tajribali mutaxassislar tomonidan “Raqamli jamiyatni himoya qilish: Koreyaning rivojlanayotgan kiberxavfsizlik tizimi”, “Koreyaning korrupsiyaga qarshi siyosati tarixi va ilg‘or tajribasi”, “Elektron hukumatning asosiy texnologiyasi”, “Janubiy Koreyada elektron hukumat orqali davlat boshqaruvini takomillashtirish”, “Rivojlanayotgan texnologiyalarni boshqarish va sun’iy intellekt raqamli iqtisodiyotiga o‘tish: Aqlli shahar siyosati” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.
Shuningdek, ishtirokchilar Seul transport ekspluatatsiyasi va axborot xizmatining o‘zi xos jihatlari, Anyang shahrida amalga oshirilayotgan aqlli shahar loyihasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan bilimlar asosida “Mahalla tizimiga “Sharing Economy”ni joriy qilish”, “Informatika o‘qituvchilarining SI sohasida salohiyatini oshirish va sertifikatlash tizimini joriy etish”, shuningdek, “Raqamli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda SIni joriy etish orqali inson omilini kamaytirish” kabi mavzularda harakatlar rejasi ishlab chiqildi va KOICA vakillari ishtirokida taqdimot o‘tkazildi. Ekspertlar tomonidan loyihalar yuqori baholandi va “Informatika o‘qituvchilarining SI sohasida salohiyatini oshirish va sertifikatlash tizimini joriy etish” loyihasini KOICA tomonidan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan taklif kiritilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari uchun Koreyaning tarixiy hududlariga sayohatlar tashkil qilindi.
Xorijiy davlatlar bilan bunday hamkorlikning amalga oshirilishi har ikki mamlakat uchun manfaatli bo‘lib, turli yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, boshqa davlatlar tajribasi bilan yaqindan tanishish, yo‘nalishga oid bilimlarni mustahkamlash va boyitish imkonini beradi.





