Mustaqillik kuni
2026-09-01 / Voqealar taqvimi

Mustaqillik bayrami har bir xalqning azaliy va muqaddas orzusi. Shuning uchun mustaqillik bayrami kuni barcha ozod, erkin, tenglar ichida teng bo‘lib, jahon hamjamiyatida o‘z qonuniy o‘rniga ega bo‘lgan xalqlar tomonidan eng ulug‘ milliy bayram sifatida nishonlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi 1991-yil 31-avgustda o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi. 1-sentabr Mustaqillik kuni – mustaqillik bayrami deb e’lon qilindi. Bugun u O‘zbekistonda eng muqaddas, eng ulug‘ milliy bayram.
Mustaqillik bayrami O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan “Bayram kunlari haqida”gi qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 131-moddasiga muvofiq mamlakatimiz hududida nishonlanadigan bayram (dam olish) kunlari qatoridan o‘rin oldi.
Mustaqillik bayrami butun xalqimiz tomonidan katta xursandchilik va ko‘tarinki ruh bilan keng nishonlanadi. Ayni shu kuni erishilgan yutuqlar sarhisob qilinadi, kelajak sari dadil odimlar belgilanadi, davlatimizning oliy mukofotlari topshiriladi.
