O‘zbekistonda raqamli transformatsiya bo‘yicha yangi xalqaro loyiha boshlandi
2025-10-14 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida 2025–2027-yillarda amalga oshiriladigan “O‘zbekistonda raqamli transformatsiya bo‘yicha davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish” loyihasiga Koreya Respublikasida rasmiy start berildi.
Ushbu loyiha KOICA tashkilotining “CIAT” (Capacity Improvement for Advanced Technology) dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Dastur raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida malaka va bilimlarni oshirish, shuningdek, xalqaro tajriba almashuvini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Dastur doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tomonidan KOICA vakillariga O‘zbekistonda raqamlashtirish va raqamli ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyiha va tashabbuslar haqida taqdimot qilindi.
Bunday hamkorliklar ikki mamlakat o‘rtasida bilim va tajriba almashish, shuningdek, raqamli sohada barqaror hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.


