Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun!
2024-04-09 / Voqealar taqvimi

Amir Temur o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblanadi.
Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Tarag‘ay esa barlos urug‘ining oqsoqollaridan hamda CHig‘atoy ulusining e'tiborli beklaridan hisoblangan.
Sohibqiron Amir Temur vafoti arafasida avlodlarining soni qancha edi?
Marhum Sohibqiron Amir Temurning o‘g‘il avlodlaridan u vafot etgan paytda o‘ttiz olti nafari hayot bo‘lib, shundan katta o‘g‘il amirzoda Jahongir (1356-1376) naslidan o‘n bir o‘g‘il mavjud edi.
Ular quyidagilardir:
Marhum Muhammad Sulton ibn Jahongir(Jahongirning to‘ng‘ich o‘g‘li; 1375-1403)dan uch o‘g‘il qolgan edi. Muhammad Jahongir to‘qqiz yoshli, Yahyo besh yoshli, Sa'd Vaqqos (bu nevarani Marsel Brion “Menkin, Sohibqiron Amir Temur” asarida Temurning beshinchi o‘g‘li deb, chalkashlikka yo‘l qo‘ygan. – A.Z.) olti yashar bo‘lgan. Jahongirning ikkinchi o‘g‘li amirzoda Pir Muhammad ibn Jahongir (1376-1407) etti bola bilan, yigirma to‘qqiz yosh bo‘lib, Kobul va G‘azna saltanati unga suyurg‘ol qilib berilgan edi. Uning o‘g‘illari – Qaydu to‘qqiz yoshda, Xolid etti yoshda, Buzanjir, Sa’d Vaqqos, Sanjar, Jahongir, Buzruklardir.
Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Bahodir (1356-1394) naslidan to‘qqiz o‘g‘il va nevaralar hayot edilar. Pir Muhammad ibn Umarshayx bir o‘g‘il bilan yigirma olti yoshda, Umarshayx ibn Pir Muhammad etti yoshda, Rustam ibn Umarshayx yigirma to‘rt yoshda (ikki o‘g‘il bilan – Usmon olti yoshda), Sultonali bir yoshda, Iskandar ibn Umarshayx yigirma bir yoshda, Ahmad ibn Umarshayx o‘n sakkiz yoshda, Saydi Ahmad ibn Umarshayx o‘n besh yoshda, Boyqaro ibn Umarshayx o‘n ikki yoshda edi.
Temurning uchinchi o‘g‘li, o‘ttiz sakkiz yoshli shahzoda Mironshoh mirzo (1366-1408)ning etti o‘g‘il va nabiralari bor edi. Katta o‘g‘il Abu Bakr yigirma uch yoshida bo‘lib, uning ikki o‘g‘li – Ilangir to‘qqiz yoshda, Usmon Chalabiy to‘rt yoshda edi. Ikkinchi o‘g‘li Umar ibn Mironshoh yigirma ikki yoshda, uchinchisi va Temurdan keyin Movarounnahr taxtisha da'vo qilgan Xalil Sulton (Temurning sevimli nevarasi va vorisi bo‘lgan Pir Muhammad mirzo bilan amakivachcha, shu bilan birga, bir onaning fanzandlari edi; bu haqda boshqa bir maqolada to‘xtalamiz. – A.Z.) yigirma ikki yoshda, Ijal o‘n yoshda, Suyurg‘atmish olti yoshda edi.
Temurning kenja o‘g‘li Shohrux Mirzo (1377-1447) yigirma yoshdan oshgan bo‘lib, unga Xuroson mulk qilib berilgan edi. Uning etti o‘g‘li bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek va Ibrohim Sulton (1394 yil tug‘ilgan) har ikkalasi o‘n bir yoshda. Ammo Ulug‘bek Ibrohim Sultondan besh oylik kattaroq edi. Boysunqur sakkiz yoshda, Suyurg‘atmish olti yoshda, Muhammad Jo‘kiy uch yoshda, Jon o‘g‘lon ikki yoshda, Yardi bir yoshda edilar.
Sohibqiron Temurning vafoti arafasida qizlari va nevara-qizlaridan o‘n etti nafari mavjud edi. Uning katta qizi Sulton Baxt Begim bo‘lib, u taniqli va sadoqatli amirlardan biri Amir Sulaymonshoh nikohida yashar edi. Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Bahodirdan uch nafar dilbar qiz qolgan edi. To‘ng‘ich nevara Muhammad Sulton ibn Jahongirdan uch qiz, Mironshoh Mirzodan to‘rtta qiz hayot edi. Shohrux Mirzoda bitta, Pir Muhammad ibn Jahongir Mirzo, Abu Bakr Mirzo va Xalil Sulton Mirzoning har birida bittadan qiz farzand bor edi. Temurning ikkinchi qizi Oqa Begim taniqli amirlardan Muhammadbek ibn Amir Muso nikohida edi. Oqa Begimdan amirzoda Sulton Husayn (Bu Husayn Boyqaro emas) dunyoga kelgan edi.
Amir Temur o‘gitlari:
Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur.
Ishbilarmon mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy, tadbirkor va hushyor bir kishi mingminglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir.
G‘anim lashkarini yengish qo‘shinning ko‘pligidan, mag‘lub bo‘lish esa sipohning kamligidan bo‘lmaydi. Balki g‘olib bo‘lmokdik Tangrining madadi va bandasining tadbiri bilandir.
Garchi ishning qanday yakunlanishi takdir pardasi ortida yashirin bo‘lsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengashu tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir.
Agar ikki xatarlik yoki bir xatarlik ishni qilishga to‘g‘ri kelgudek bo‘lsa, ikkovidan barobar qutulish chorasi topilmagach, bir xatarini ixtiyor etmoq kerak.
Bir ishga kirishmay turib, undan qutulib chiqish yo‘llarini mo‘ljallab qo‘y.
Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin.
Yaxshilarga — yaxshilik qildim, yomonlarni esa o‘z yomonliklariga topshirdim. Kim menga do‘stlik qilgan bo‘lsa, do‘stligi qadrini unutmadim va unga muruvvat, ehson, izzatu ikrom ko‘rsatdim.
Do‘st-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelgudek bo‘lsa, do‘stlarga shunday muomala qildimki, do‘stligi yana-da ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda bo‘ldimki, ularning dushmanligi do‘stlikka aylandi.
Menda biron kimsaning haqi bo‘lsa, haqini hech vaqt unutmadim. Biron kimsa bilan tanishgan bo‘lsam, uni hech vaqt nazarimdan qoldirmadim.
Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim.
