Dubayda UPUning 28-Kongressi bo‘lib o‘tmoqda
2025-09-16 12:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 8–19-sentabr kunlari Dubay shahrida (Birlashgan Arab Amirliklari) Umumjahon pochta ittifoqi (UPU)ning 28-Kongressi o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi nomidan Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, UPU 1874-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1948-yildan buyon BMTning pochta aloqasi sohasidagi ixtisoslashgan tashkiloti hisoblanadi. Bugungi kunda Ittifoqqa 192 davlat a’zo bo‘lib, uning shtab-kvartirasi Shveytsariyaning Bern shahrida joylashgan. UPUning asosiy maqsadi — global pochta tizimini tashkil etish va takomillashtirish, shuningdek, bu sohada xalqaro hamkorlik uchun qulay sharoit yaratishdir.
O‘zbekiston UPUga qo‘shilgan holda pochta jo‘natmalarining o‘zaro almashinuvini, jumladan tranzit erkinligini ta’minlash, shuningdek, boshqa mamlakatlardan kelgan pochta jo‘natmalarini o‘z jo‘natmalaridek qayta ishlash majburiyatini olgan.
UPUning oliy organi hisoblangan Kongress a’zo mamlakatlar vakillaridan iborat bo‘lib, uning faoliyati Xalqaro byuro, Ma’muriy kengash, Pochta ekspluatatsiyasi kengashi va boshqa ishchi organlar orqali amalga oshiriladi.
28-Kongress doirasida 6 ta Yalpi majlis va 28 ta Qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yalpi majlislarda:
– UPU ishchi organlarining hisobotlari ko‘rib chiqiladi;
– 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan strategiya (Dubay tsikli) qabul qilinadi;
– pochta xizmatlarining kelajagi va barqaror rivojlanish salohiyati yuzasidan xalqaro muhokamalar o‘tkaziladi;
– Kongressning yakuniy hujjatlari imzolanadi.
Qo‘mita yig‘ilishlarida esa pochta, moliya va elektron xizmatlarni rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish, yakuniy xarajatlar tizimi bo‘yicha yangilangan qarorlar qabul qilish, shuningdek, UPU hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish masalalari muhokama etiladi.
Kongress doirasidagi eng muhim voqealar qatoriga Ittifoqning yuqori rahbariyatini, Pochta ekspluatatsiyasi kengashi hamda Ma’muriy kengashning 2026–2029-yillardagi tarkibini saylash, shuningdek, yakuniy hujjatlarni imzolash kiradi.









