UzGeeks IT hamjamiyatining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-08-27 09:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda asosiy e’tibor sun’iy intellektdan samarali foydalanish, shuningdek, ushbu texnologiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni va istiqbollari masalalariga qaratildi.
Uchrashuvda turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar sun’iy intellekt borasidagi o‘z qarashlari va tajribalarini o‘rtoqlashdilar. Spikerlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, dasturlash amaliyotlari, o‘qitish algoritmlari hamda sun’iy intellektning jamiyatdagi qabul qilinishi, qo‘rquv va optimistik qarashlar kabi mavzularda fikrlar bildirildi.
UzGeeks Community – bu O‘zbekistonning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan dasturchi va IT mutaxassislarini birlashtiruvchi ochiq hamjamiyatdir. Hamjamiyatning asosiy maqsadi IT sohasi bo‘yicha bilim va tajribalarni keng jamoatchilik bilan bo‘lishish, yangi texnologiyalarni o‘rganish, nazariy bilimlarning amaliyotda qo‘llanilishini ko‘rsatish, hamda sifatli o‘zbekcha IT resurslarini yaratish va rivojlantirishdir.
Hamjamiyat faoliyati doirasida oxirgi o‘n yildan beri har oyda muntazam tarzda ochiq uchrashuvlar meetup tadbirlari tashkil etib kelinadi. Ushbu uchrashuvlar bepul bo‘lib, istalgan kishi spiker sifatida taqdimot qilishi yoki tinglovchi sifatida qatnashishi mumkin. Tadbirlar ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn tarzda ham translatsiya qilinadi, bu esa yanada keng auditoriyani qamrab olish imkonini bermoqda.
So‘nggi ikki yil davomida UzGeeks hamjamiyati Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda qariyb 16 ta meetup o‘tkazdi. Ushbu tadbirlarning umumiy auditoriyasi taxminan 10 ming nafardan ortiq ishtirokchilarni tashkil etgan.
Navbatdagi uchrashuv ham sun’iy intellekt mavzusiga qaratilgani sababli, unda IT sohasi vakillaridan tortib talabalar, yosh dasturchilar va qiziqqan auditoriya vakillarigacha bo‘lgan keng doira ishtirok etdi. Spikerlar o‘z nutqlarida nafaqat texnik jihatlarga, balki kelajakda AI texnologiyalarining ta’lim, iqtisodiyot va kundalik hayotdagi roliga ham to‘xtalib o‘tdilar.






