Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025-07-29 16:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Yig‘ilishni Jamoatchilik kengashi raisi A.Ishanxodjayev olib bordi. U o‘z chiqishida 2024-yil yakunlariga ko‘ra Vazirlik tomonidan kengash faoliyatiga oid ma’lumotlar “Yuksalish” umummilliy harakati va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga taqdim etilganini, ushbu tashkilotlar tavsiyalariga asosan kengash tarkibiga yangi a’zolar – “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisining xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi U.Rajabov hamda O‘zbekiston milliy media birlashmasi bosh direktori A.Abutalipov qabul qilinganligini ma’lum qildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari O.Pekos so‘zga chiqib, Vazirlikning 2025-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari haqida keng qamrovli ma’lumot taqdim etdi. Hisobotda iqtisodiy ko‘rsatkichlar, raqamli hukumat va industriya rivoji, IT-startaplar ekotizimi, sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlar, telekommunikatsiya infratuzilmasi, pochta aloqasi va raqamli ta’lim bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yoritildi. Shuningdek, 2025-yilning ikkinchi yarmi uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotining 2025-yil 23-iyundagi 01/218-25-sonli murojaati ko‘rib chiqildi. Ushbu murojaat yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi Yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i O.Djumabayev ma’ruza qilib, taqdim etilgan loyiha – aholining raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqiy bilimi va ongini oshirish dolzarb masala ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bu yo‘nalishda Vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil axborot berdi.
Yig‘ilish yakunida Kengash a’zolarining Vazirlik faoliyatiga oid bergan savollariga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi. Kengash a’zolari ochiq muloqot va fikr almashuv jarayonini ijobiy baholab, kelgusi rejalarni belgilab oldilar.





