O‘zbekiston IT Park rezidentlari bilan ochiq muloqot: yangi chaqiriqlar, yangi imkoniyatlar
2025-07-25 10:35:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi va IT Park rezidentlari o‘rtasida IT - sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, 150 dan ortiq (shundan 60 tasi hududlardan onlayn) IT Park rezidentlari soha ekspertlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini raqamlashtirish tasavvur qilish qiyin. Raqamlashtirish sohasi hozirda iqtisodiyotning barcha sohalarida mavjud va u iqtisodiyotning drayveriga aylanmoqda.
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, xususan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT-parklarni tashkil etish shuningdek, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
IT Park – bu mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishdagi asosiy drayver hisoblanadi. Shuningdek, IT-kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va ularning tashqi bozorga chiqishda ularning eksportini oshirishga ko‘maklashish hamda mamlakatda IT-kompaniyalar uchun zamonaviy infratuzilma yaratishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda, IT Parkning barcha hududlarda filiallari mavjud bo‘lib, Respublika bo‘yicha 14 ta hududiy filiallari faoliyat yuritmoqda.
IT-Park rezidentlariga bir qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgan.
IT-Park rezidentlarining eksportini oshirishga qaratilgan dasturlar ishga tushirilgan, eksport qiluvchilar qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Zero Risk hamda kompaniyalarni jahon bozoriga kirishda yordam beradigan Local to Global dasturlari joriy qilingan.
Shuningdek, rezidentlar uchun Virtual ofis xizmati, IT Visa dasturlari mavjud.
Eksportchi IT-Park rezidentlari uchun imtiyoz va preferensiyalar muddati 2040 yilgacha uzaytirildi.
Bugungi kunda 3 mingga yaqin yuridik shaxs IT-Park rezidenti sifatida faoliyat yuritmoqda, shundan xorijiy kompaniyalar soni 800 ta, eksporterlar soni 750 tani tashkil etmoqda, ta’lim korxonalari esa 530 ta.
Etiborli tomoni shundaki, hududlarda ham eksporterlar va xorijiy kompaniyalar soni ortib bormoqda, hozirda eksporter rezidentlar soni 240 ta, xorijiy kompaniyalar 206 ta.
IT-Park rezidentlarida 44 ming nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat yuritib kelmoqda.
Raqamlashtirish sohasi eksporti 2017 yilda 700 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa 2024 yil yakuni ko‘ra 900 mln dollarga yetdi.
Bugungi bo‘lib o‘tgan muloqot davomida IT-kompaniyalar uchun eksport jarayonlarini soddalashtirish, investorlarga qulay muhit yaratish, soliqqa tortish masalalari va mahalliy IT-mahsulotlarni davlat sektoriga integratsiya qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda IT Park bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, kompaniyalarning
96 foizi va IT mutaxassislarining 82 foizi O‘zbekistonda qolishni rejalashtirmoqda, kompaniya vakillarining 93 foizi va xodimlarning 81 foizi hamkasblariga mamlakatni tavsiya qilishga tayyorligini ta’kidlagan.
IT Park rezidentlari o‘z takliflari, keyslari va aniq muammolari bilan faol fikr almashdilar. Tomonlar doimiy muloqot formatida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga, shuningdek, fikr-mulohazalar asosida bir qator qonunchilik o‘zgarishlarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
O‘tkazilgan tadbir soha vakillari uchun nafaqat muammolarni ochiq muhokama qilish, balki ular yuzasidan real yechimlar bo‘yicha fikr almashish maydoniga aylandi. Uchrashuv davomida bildirilgan takliflar deputatlar va IT Park rahbariyati tomonidan tizimli ravishda o‘rganilib, amaliy harakat rejalari shakllantiriladi.


