O‘zbekiston mintaqadagi asosiy IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda
2025-07-24 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

IT-autsorsing va raqamli xizmatlar sohasidagi yilning eng muhim tadbirlaridan biri bo‘lgan forum IT Park Uzbekistan tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etildi. Tadbirda 40 mamlakatdan 300 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, transmilliy korporatsiyalar, startaplar, davlat tashkilotlari va venchur fondlar vakillari qatnashmoqda.
Forum “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida muhim bosqich bo‘lib, unda IT-xizmatlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 300 mingta yangi ish o‘rni yaratish va mamlakatga yetakchi xalqaro IT-hablardan biri maqomini berish ko‘zda tutilgan.
Forumning rasmiy qismini Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi.
“2017-yilda O‘zbekiston transformatsiyalar yo‘liga endigina qadam qo‘ygan edi. Bu asosan qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan, nisbatan yopiq mamlakat edi. Biroq Prezidentimizning uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati tufayli, u 2017-yildayoq mamlakatda tub o‘zgarishlar qilishni maqsad qilgan edi.
2017-yilda bizda xorijiy sarmoya ishtirokidagi atigi 4 ta kompaniya mavjud edi. Hozir esa har oyda 30 dan ortiq yangi kompaniyalar o‘z ofislarini ochib, IT Park rezidentlari bo‘layotganini ko‘rish quvonarli.
Bu yo‘lni bosib o‘tish oson kechmadi.
Eng muhimi, bizda siyosiy iroda va majburiyat bor. Bu Prezidentimizning g‘oyasi va u bu g‘oyaning muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch hosil qilishga astoydil bel bog‘lagan. Va uning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz endi barcha soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirdik.
Biz uzoq muddatli hamkorlikdan manfaatdormiz, biz bilan biznesingizni rivojlantiring”, – dedi vazir o‘z nutqi davomida.
Vazirning nutqidan so‘ng IT Park Uzbekistan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Izzat Hamidov tashkilotning so‘nggi olti yildagi yutuqlarini taqdim etdi.
Shundan so‘ng, IT Park direktorining xalqaro rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Ahmed Aboulezz mamlakatdagi kadrlar salohiyatiga to‘xtalib, kuchli ta’lim bazasi, IT-mutaxassislar sonining ortib borayotgani va iqtidorlarni rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv haqida so‘z yuritdi.
Dasturning davomida xalqaro kompaniyalar ishtirokidagi sessiya o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha amaliy tajribalar muhokama qilindi. “Huawei” kompaniyasining ICT-yechimlari bo‘yicha arxitektori Reshat Boltayev bulutli yechimlarni joriy etish va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish imkoniyatlarini taqdim etdi. Singapurlik “BIPO” kompaniyasining mintaqaviy direktori Yuriy Karp esa O‘zbekistonning BPO-kompaniyalar uchun moslashuvchan kadrlar siyosatiga e’tibor qaratdi. Kreativ xizmatlar sohasini esa “United Soft” kompaniyasining VFX supervayzeri Bekzod Fayozov animatsiya va vizual effektlar sohasida xalqaro studiyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik misolida namoyish etdi. Shuningdek, sessiyada Buyuk Britaniyaning “Monfort” agentligi boshqaruvchi hamkori Eleonor Kramers so‘zga chiqib, O‘zbekistonning KPO (Knowledge Process Outsourcing) sohasida konsalting va PR-xizmatlari eksporti istiqbollari haqida gapirdi.
“GBSF 2025” forumi global biznesning O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini namoyon etadi. Bugungi kunda IT Park 43 000 dan ziyod ish o‘rinlarini yaratgan va dunyoning 90 ta mamlakatiga raqamli mahsulotlarni eksport qilayotgan 2 900 dan ortiq rezident kompaniyalarni o‘z ichiga oladi. “Zero Risk”, “Softlanding”, “Digital Startups”, “IT-Visa” va “One Stop Shop” kabi qo‘llab-quvvatlash dasturlari tufayli xorijiy investorlar dastlabki qadamlardan tortib jahon bozorlariga chiqishgacha bo‘lgan to‘liq hamrohlik xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Forum O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro IT-hab maqomini ishonch bilan mustahkamlayotganini tasdiqladi.









