TASS Vision sun’iy intellektni yanada rivojlantirish uchun O‘zbekistonga 1,3 mln yevro investitsiya jalb qildi
2025-07-15 18:10:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekistondagi sun’iy intellekt texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi TASS Vision startapi 1,3 million yevro miqdorida xalqaro investitsiya jalb qildi. Chexiyaning Purple Ventures fondi 500 ming yevro kiritib, ushbu startapga sarmoya kiritgan ilk Markaziy Yevropa fondiga aylandi.
TASS Vision — sun’iy intellekt asosida savdo do‘konlarida mijozlar harakatini kuzatish, tovar joylashuvi va marketing samaradorligini baholashga yordam beruvchi tahlil yaratishga ixtisoslashgan kompaniya. Kompaniya hozirda 10 ta mamlakatda 2000 dan ortiq do‘konda faoliyat yuritmoqda va elektronika, moda, farmasevtika va boshqa sohalardagi yuzlab brendlar bilan hamkorlik qiladi.
Investitsiyaning umumiy hajmi 1,3 million yevroni tashkil etib, undan 500 ming yevrosi Purple Ventures tomonidan, qolgani esa Domino VC, Pragma Tech VC, Sabah Fund, Caucasus VC, Big Sky Capital, IT Park VC va boshqa investorlar tomonidan kiritilgan.
So‘nggi ikki yil ichida TASS Vision yiliga 500 foiz o‘sishga erishdi. Kompaniyaning tadqiqot va ishlanmalar markazlari (R&D) O‘zbekiston, Koreya va Xitoyda joylashgan. Yangi investitsiyalar sun’iy intellektli yangi avlod kameralarini yaratishga yo‘naltiriladi.
Kompaniya yaqin vaqtda Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Yevrosiyo bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda. Ular oflayn-riteyl uchun Google Analytics darajasidagi yechim yaratishni maqsad qilishgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan "Raqamli startaplar" dasturi asosida xorijiy investitsiya jalb qilganligi sababli Tass Vision startap loyihasiga IT Park Ventures venchur fondi tomonidan 100 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritildi.
Tass Vision 2024-yilda Prezident sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yo'nalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovida ham “Sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar” yo‘nalishida 1-o'rinni qo'lga kiritgan holda 100 ming AQSh dollari miqdorida sovringa ega chiqqan.
