Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan sessiya o‘tkazildi
2025-06-11 20:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu sessiyada Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Meta kompaniyasining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha davlat siyosati masalalari bo‘yicha vise-prezidenti Simon Milner, DataVolt kompaniyasi Bosh direktor o‘rinbosari Anil Vijayachandran, TBC Bank Uzbekistan kompaniyasida Mijozlar tajribasi bo‘yicha rahbar Sergey Chekalkin, Xalqaro Ma’lumot Markazi Ma’muriyati (IDCA)da katta raqamli infratuzilma bo‘yicha ekspert Abbas Paryavi, Uzum kompaniyasida Bosh texnologiya direktori Kevin Khanda ishtirok etdi.
Sessiyada Oleg Pekos O‘zbekistonda sun’iy intellekt va raqamli ekotizimi haqida so‘z yuritib, mamlakat bozori raqamli infratuzilma uchun katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, soliq imtiyozlari, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlarni qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, O. Pekos o‘z taqdimoti davomida sun’iy intellektni ijtimoiy sektorda ham yanada rivojlantirish, yangi loyihalar ustida ishlash masalalariga ham to‘xtaldi.
Bundan tashqari, kelgusida sun’iy intellekt bo‘yicha yetakchi kadrlar tayyorlash va bu orqali 100 mingta yuqori maoshli yangi ishchi o‘rinlari yaratilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Meta kompaniyasi vitse-prezidenti Simon Milner kompaniya tomonidan ishlash mexanizmlari va yo‘lga qo‘yilgan shaffoflik, sun’iy intellektni joriy qilishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
U Meta tomonidan ishlab chiqilgan Llama modeli haqida ma’lumot berdi. Jumladan, Meta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu model sun’iy intellekt asosidagi yirik til modeli bo‘lib, matnni tahlil qilish, ishlab chiqish va muloqot qilish kabi vazifalarni bajara olishini, ushbu platforma ilmiy tadqiqotlar, dasturlash, tilni qayta ishlash va intellektual chatbotlar yaratishda keng qo‘llanililishini ma’lum qildi.
Sessiyada davomida shuningdek, ekspertlarning ma’lumot eshitildi hamda sun’iy intellekt rivoji va u tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar va ularning oldini olish bo‘yicha takliflar ham tinglandi.






