Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekiston “M360 GSMA Eurasia” 2025 forumiga mezbonlik qilmoda
2025-05-21 14:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu global telekommunikatsiya tadbiri GSMA (GSM Assotsiatsiyasi) tomonidan O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Forum mobil sanoat ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir Markaziy Osiyoda raqamli transformatsiyani rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Mintaqadagi innovatsiyalar va hamkorlikni kengaytirish uchun platforma yaratildi. Forum davomida mobil texnologiyalardan foydalanishning yangi usullari o‘rganildi, barqaror iqtisodiy o‘sish va raqamli inklyuziya masalalari muhokama qilindi.
Forumda 500 dan ortiq delegat, 40 nafardan ziyod taniqli spiker va 200 dan ortiq xalqaro IT kompaniya vakillari ishtirok etmoqda. Forumda sun’iy intellekt evolyutsiyasi, mintaqaviy raqamli transformatsiya va keyingi avlod tarmoqlari kabi mavzular atrofida fikr almashiladi.
Tadbirning ochilishida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, GSMA Bosh direktori Vivek Badrinat hamda VEON kompaniyasi bosh direktori Kaan Terziog’lu ishtirok etdi. Ular o‘z chiqishlarida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, sun’iy intellekt va 5G texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Sherzod Shermatov:
“M360 Yevroosiyo” forumi orqali biz nafaqat O‘zbekistonning raqamli salohiyatini dunyoga ko‘rsatdik, balki mintaqa miqyosida yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq tashabbus va rejalarga ham asos solyapmiz.”
Tadbir O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga, mamlakat imidjini mustahkamlashga, yangi investitsiya oqimlarini jalb qilishga va biznes, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Toshkent shahrida ilk bor o‘tkazilgan “M360 Yevroosiyo 2025” forumi telekommunikatsiya va raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan yirik mintaqaviy tadbirlardan biriga aylandi. Bu GSMA tomonidan tashkil etiladigan global M360 sammitlar seriyasining bir qismi sifatida Markaziy Osiyoda raqamli transformatsiyani ilgari surish borasidagi e’tiborga molik qadam bo‘ldi.
Tadbir ertaga 22-may kuni ham davom etadi.









