GameFest 2025 — Oʻzbekistonda oʻyinlar va animatsiya ekotizimini rivojlantirish sari muhim qadam
2025-05-16 17:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Festival Raqamli texnologiyalar vazirligi va Uzbekistan Creative Association tomonidan tashkil etilib, oʻyin ishlab chiquvchilar, animatorlar, startapchilar, investorlar va xalqaro akademiyalar hamda studiyalar vakillarini bir joyga jamladi.
Festivalda 2 000 dan ortiq ishtirokchi, 50 dan ortiq kompaniya va studiya, 30 dan ortiq davlatdan mehmonlar qatnashdi.
Festivalning asosiy maqsadi — Oʻzbekistonda raqamli va kreativ ekotizimni rivojlantirish, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻyin va animatsiya sohasida taʼlim dasturlarini joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Game Forum doirasida yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etgan chiqishlar, panel muhokamalar, investitsiya sessiyalari va tarmoq aloqalarini mustahkamlash imkoniyatlari mavjud bo’lib, 30 dan ortiq spikerlar va ularning orasida Gem Capital, Coursera, GameDevHQ kabi kompaniyalar vakillari, shuningdek AQSH, Yevropa va Osiyodagi mashhur studiyalar asoschilari tashrif buyurdilar.
Forum doirasida “Markaziy Osiyoda oʻyin studiyasini qanday tashkil qilish va uni global bozorga qanday olib chiqish mumkin?” mavzusi keng muhokama qilindi. Shuningdek, sohada ayollarning oʻrni va investitsiyalarni jalb qilish mavzulari ham muhim oʻrin tutdi.
Parallel tarzda ishlagan Games & Animation Expo koʻrgazmasida 30 dan ortiq kreativ studiyalar o’z mahsulotlarini yoshlarga namoyish qildilar. Tashrif buyuruvchilar eng yangi video oʻyinlar, AR/VR loyihalari mahalliy va xorijiy animatsion studiyalar ish faoliyati bilan tanishishdi. “Digital Garden” hududida raqamli tasviriy san’at bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, yangi texnologiyalar namoyishlari va ijodiy eksperimentlar o‘tkazildi.
Festival ertaga 17-may kuni ham davom etadi.
GameFest 2025 — bu shunchaki festival emas, balki Oʻzbekistonda raqamli kreativ va texnologik salohiyatni uygʻunlashtirgan, barqaror ekotizim barpo etishga qaratilgan muhim tashabbusdir.